Indeks: ko‘p narxni bitta songa yig‘ish

Non 4% qimmatlashdi, kartoshka 13% arzonlashdi — savat qanchaga?

Bir oyda non 4% qimmatlashdi, go‘sht 12% qimmatlashdi, kartoshka esa 13% arzonlashdi. Xo‘sh, hayot qimmatlashdimi? Bu savolga javob berish uchun ko‘p sonni bittaga yig‘ish kerak. Shu bitta son indeks deyiladi.

Narx nisbati

Avval har mahsulot uchun nisbat topiladi: yangi narxni eskisiga bo‘lamiz.

non:       2500 / 2400 = 1,042   →  +4,2%
go‘sht:  110000 / 98000 = 1,122   → +12,2%
kartoshka: 7800 / 9000 = 0,867   → −13,3%

Diqqat: farqni emas, nisbatni olamiz. Nonning 100 so‘mi bilan go‘shtning 12 000 so‘mini qo‘shib bo‘lmaydi — ular har xil miqyosda. Nisbat esa miqyosdan xalos qiladi.

Yig‘ish

Keyin nisbatlarning o‘rtachasi olinadi. Uch mahsulot uchun:

(1,042 + 1,122 + 0,867) / 3 = 1,010  →  +1,0%

Ya’ni savat 1% qimmatlashgan. Go‘shtning keskin o‘sishini kartoshkaning arzonlashuvi deyarli qoplab yuborgan.

Hissa

Har mahsulotning umumiy o‘zgarishga qo‘shgan hissasi ham hisoblanadi: uning o‘z o‘zgarishini mahsulotlar soniga bo‘lamiz.

go‘sht:    +12,2% / 3 = +4,1 punkt
non:        +4,2% / 3 = +1,4 punkt
kartoshka: −13,3% / 3 = −4,4 punkt
                        ───────────
                        +1,0 punkt

Hissalar yig‘indisi umumiy o‘zgarishga aynan teng. Shuning uchun «qaysi mahsulot aybdor» degan savolga aniq javob beriladi.

Zanjir

Bir necha oyni ketma-ket ulash uchun har oy o‘zidan oldingi oyga solishtiriladi va koeffitsiyentlar ko‘paytiriladi. Yanvardan boshlab:

yanvar:  100
fevral:  100 × 1,012 = 101,2
mart:    101,2 × 1,016 = 102,8

Bu zanjirli indeks. Uning qulayligi: iyunda savatga yangi mahsulot qo‘shsangiz, yanvardagi asos buzilmaydi — yangi mahsulot faqat o‘zi qatnashgan bo‘g‘inlardan boshlab hisobga olinadi.

Bir muhim soddalashtirish

Yuqorida har mahsulot teng hisoblandi. Aslida oila nonga va go‘shtga bir xil pul sarflamaydi — haqiqiy davlat indeksida har mahsulot o‘z og‘irligi bilan qatnashadi: xarajatdagi ulushi qancha bo‘lsa, indeksga ta’siri ham shuncha.

StatLab’dagi «Mening savatim» teng og‘irlik ishlatadi. Oiladan har oy narx ustiga yana xarajat ulushini ham so‘rash — to‘ldirishni ikki baravar og‘irlashtiradi va ko‘pchilik tashlab yuboradi.

Shuning uchun bu raqamni rasmiy inflyatsiya bilan aynan solishtirmang. U boshqa savolga javob beradi: men doim oladigan narsalar qanchaga qimmatlashdi.

O‘zingiz hisoblab ko‘ring

Yuqoridagi uchta nisbatni kalkulyatorga kiriting — o‘rtachasi indeks koeffitsiyentini beradi.

1.042 1.122 0.867

Try it: Descriptive statistics

Separate the numbers with spaces, commas or new lines.
Left empty, Sturges' rule picks the count.
Enter your data and press “Calculate”.

O‘rtachasi 1,010 chiqadi. Medianaga ham qarang: 1,042. Ikkisi boshqacha, chunki kartoshka chetdagi qiymat — bu o‘rtacha va median darsidagi o‘sha muammo.